Toshkent haqiqati minbari

27 Jan, 2025 - 18:06
17
Toshkent haqiqati minbari

MILLIY MADANIYATIMIZ – RUHIYATIMIZ KO‘ZGUSI

"Toshkent haqiqati" gazetasining 2025 yil 25 yanvardagi sonida Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Ahror Mirzaevning viloyatning madaniy-ma’naviy sohadagi islohotlari haqida \"Milliy madaniyatimiz – ruhiyatimiz ko‘zgusi\" sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.

MILLIY MADANIYATIMIZ – RUHIYATIMIZ KO‘ZGUSI

Bugun yurtimizning barcha hududlarida madaniyat va san’atni keng  rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada 

ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.

Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 26 may­da imzolangan «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonga ko‘ra, 15 aprel sanasi «O‘zbekiston Res­publikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni» deb e’lon qilingani soha vakillarini behad quvontirdi.

Ma’rifat, madaniyat va san’atning kuyunchak targ‘ibotchisi bo‘lgan viloyat hokimi Zoyir Mirzaevning doimiy qo‘llab-quvvatlashi bilan Toshkent viloyatida ham so‘nggi yillarda sohada jiddiy o‘zgarish­lar sezilmoqda.

Xususan, hozirda vi­loyat­da 72 ta madaniyat markazlari samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning yillik ish rejalari vazirlik tomonidan belgilab berilgan namuna asosida ishlab chiqilib, tasdiqlangan.

Madaniyat markazlarida 237 ta to‘garak, studiya va badiiy havas­korlik jamoalari bo‘lib, ishtirokchilar soni 4 ming 52 nafarni tashkil etadi. To‘garak­larning mashg‘ulot das­turlari, ish rejalari to‘g‘risida elektron ma’lumotlar zaxirasi shakllantirilgan. Mashg‘ulotlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanma va das­turlar to‘liq yetkazib berilgan.

E’tiborlisi, madaniyat markazlarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun davlatimiz tomonidan zaruriy mablag‘ va resurs­lar ajratilib, qulay imkoniyat­lar yaratilmoqda.

Misol uchun, ilgari hududlarda faoliyat yuritayotgan ijodiy guruh tarkibidagi xonanda, sozanda va raqqosalarni mahallalar, olis qishloqlarga madaniy tadbirlarga olib borib kelish uchun avto­transport vositasi yo‘q edi. Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, viloyatimiz hududidagi madaniyat bo‘limlariga o‘tgan yili 19 ta «Damas» avtomobillari topshirildi.

Ochig‘i, bir necha yil avval madaniyat markazlarida hattoki, cholg‘u asboblari yetarli bo‘lmagan. Bu hol katta konsert dasturlari va sayil­larda ishtirok etishda bir qator muammolarga sabab bo‘lardi. Hozirda esa madaniyat markazlari 151 ta zamonaviy kompyuter vositasi, 47 ta ovoz kuchaytirish moslamasi, 1 ming 523 ta cholg‘u asboblari bilan jihozlangan. Shuningdek, milliy va yevropa cholg‘u asboblaridan 44 ta g‘ijjak, 47 ta nay, 474 ta ­doira, 106 ta dutor, 209 ta qashqar rubobi, 44 ta tanbur, 81 ta karnay va surnay, 25 ta akkordeon, 117 ta gitara, 65 ta fortepyano, 31 ta nog‘ora, 53 ta zarbli cholg‘ular (tabla, dovul v.h.) mavjud. Bundan tashqari, markaz binolari 4 ming 858 ta mebel jihozlari bilan ta’minlangan. Bu g‘amxo‘rliklar viloyatda sohaning yanada taraqqiy etishiga xizmat qilmoqda.

Aytish joizki, Prezidentimiz rahbarligida 2023 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan Respub­lika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida har bir tuman va shaharlarda konsert-tomosha zali, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari mavjud bo‘lgan bittadan madaniyat markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Mazkur vazifa ijrosiga viloyatimizda ham mas’uliyat bilan qaralmoqda. Ayni paytda aholi, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan namunali madaniyat markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

XALQ O‘YINLARI – QADRIYATLARIMIZ TIMSOLI

Viloyatimizda xalq ijodiyoti va badiiy havaskorlik san’atini saqlab qolish va rivoj­lantirish, badiiy va ijodiy jamoalar, havaskorlik guruhlarini tashkil etishda yaxshi taj­riba to‘plangan.

E’tiborlisi, viloyatda bugungi kunda 48 ta xalq havaskorlik unvoniga ega bo‘lgan jamoalar ish olib bormoqda. Mazkur havaskorlik jamoalarining 16 tasi folklor-etnografik, 2 tasi dorboz­lik, 1 tasi sirk jamoasi bo‘lib, 7 tasi ashula va raqs, 5 tasi maqom cholg‘u ansambllaridir. Shuningdek, 7 ta xalq teatri, 7 ta raqs jamoasi, 3 ta xor vokal ansambllari faoliyat yuritadi. Ushbu jamoa­lar res­publika va viloyat miqyosida tashkil etilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etib kelishmoqda.

Jumladan, Bekobod shahridagi 11-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi qoshidagi “Ko‘zmunchoq” folklor-etnografik jamoasining umidli o‘g‘il-qizlari ijrosidagi har bir dasturdan bizgacha meros bo‘lib qolgan milliy o‘yinlar, aytishuvlar, termalar, milliy lapar va qo‘shiqlarimiz o‘rin olgan. Misol uchun, jamoa 2024 yil may oyida Surxondaryo viloyatida o‘tgan «Boysun bahori» xalqaro folk­lor fes­tivalida ishtirok etib, «Milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishi» bo‘yicha 1-darajali dip­lom hamda 3 ming 500 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti uchun vaucher bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, o‘tgan yilning 2-3 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekis­ton iste’dodlari” ko‘rik-tanlovida ham mutlaq g‘olib bo‘lishdi.

Umid qilamizki, milliy folk­lor san’ati namunalarini aholi, ayniqsa, yoshlarga yetkazishda ijodiy jamoa hali bundan ham yuqori marralarni zabt etadi.

SAN’AT – TINCHLIK VA DO‘STLIK ELCHISI

Ma’lumki, Bolalar musiqa va san’at maktablarining iqtidorli o‘quvchi, o‘qituvchi va konsertmeysterlarining xalqaro ko‘rik-tanlov va festivallardagi ishtirokini ta’minlash kelgusida katta yutuqlarga zamin yaratadi.

Sababi, o‘quvchilar va ularning ustozlari qardosh xalqlarning madaniyati, san’ati, urf-odatlari, ish uslubi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar. Eng asosiysi, bunda hamjihatlik, do‘stlikka asoslangan jonli muloqot maydoni yuzaga keladi.

2024 yilning 4-10 may kunlari Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari Ozarbayjon Respub­likasining Baku shahrida bo‘lishdi.

Safardan asosiy maqsad – Ozarbayjon madaniyati ta’limini o‘rganish, musiqa va san’at maktablari faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda sohada hamkorlik masalalariga qaratildi.

Safar davomida vakillarimiz hamda mezbonlar ishtirokida Asafa Zeynali nomidagi Milliy konservatoriya huzuridagi Baku musiqa kollejida o‘zbek va ozarbayjon madaniyat sohasi vakillarining ikki tomonlama do‘stona uchrashuvi tashkil etildi.

Qayd etish joizki, viloyatimiz tuman va shaharlaridagi Bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari ham xorijiy davlatlardagi ko‘rik-tanlovlarda munosib ishtirok etishmoqda.

Xususan, Chirchiq shahridagi 3-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi Birlashgan Arab Amirlik­larining Dubay shahrida «Arabian Music Festival» va «Festival Group» xalqaro ko‘rik-tanlovlarida faol ishtirok etib qaytishdi.

Oqqo‘rg‘on tumanidagi 25-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari Bolgariya hamda Sochi shahrida o‘tgan xalqaro ko‘rik-tanlovlarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

Chinoz tumanidagi 14-sonli BMSM o‘quvchilari esa Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan «Xalqaro Romansiada» tanlovida gran-pri, 1- va 2-o‘rinlarga loyiq deb topildi. Albatta, yoshlarimizning qo‘lga kiritayotgan bu yutuqlari ortida fidoyi ustozlarining katta mehnati mujassam.

Quvonarlisi, 2024 yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan “Xalqaro turkiy davlatlar kuylari” festivalida Toshkent viloyati filarmoniyasi jamoasi yorqin musiqiy chiqishlari bilan hay’at a’zolari va tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘lishdi.

Shuningdek, Hindistonning Kulu shahrida “Kulu Dussehra” xalqaro raqs festivalida ishtirok etgan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Toshkent viloyati bo‘linmasi ijodiy jamoalari va yakkaxonlari o‘zbekona kuy-qo‘shiqlari bilan milliy san’atimizni tarannum etishdi.

O‘LAN AYTSANG – JO‘SHIB AYT...

Ma’lumki, baxshichilik – xalqimizning milliy o‘zligi, qadimiy tarixi, urf-odatlari, insonlarning hayot tarzi va go‘zal an’analari hamda jamiki qadriyatlarini o‘zida jamlagan muhim yo‘nalish­lardan biri.

Bu yo‘nalishni yanada rivojlantirish maqsadida Oqqo‘rg‘on, Yuqori Chirchiq, Chinoz, Bo‘stonliq hamda Bo‘ka tumanlaridagi Bolalar musiqa va san’at maktablarida baxshichilik, oqin, jirov sinflari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularda 37 nafar yosh baxshichilikni qunt bilan o‘rganishmoqda. Jumladan, yosh baxshi Murod Aliev Parkent tumanidagi 29-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida baxshichilik yo‘nalishidan saboq berib kelmoqda.

Mamlakatimizda nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilish hamda milliy qadriyatlarimizni keng namoyon etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivoj­lantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, nomoddiy madaniy merosni doimiy ravishda o‘rganishni yo‘lga qo‘yish maqsadida respublika va xalqaro miqyosda etnofolklor ekspeditsiyalar tashkil qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvat­lash, fundamental va maqsadli grantlar ajratilishini ta’minlash belgilangan.

Viloyatimizda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘rganishlar natijasida tuman-shaharlarda 85 nafar nomoddiy madaniy meros saqlovchi hamda qo‘li gul hunarmand­lar aniqlangan.

Yuqori Chirchiq tumanida ham milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimizni targ‘ib qilayotgan hunarmandlar ko‘p­lab topiladi. Misol uchun, Jasur Xolmuhammedov oilasi ko‘p yillardan buyon kashtachilik yo‘nalishida ish olib bormoqda. O‘tgan yil may oyida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ishtirok etgan bu oila vakillarining sa’y-­harakatlari hakamlar tomonidan yuqori baholandi. Ularga yurtimizda ilk bor ta’sis etilgan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni topshirildi.

Parkent tumanining So‘qoq qish­log‘ida yashovchi temirchi usta Pazliddin ota Jo‘raev oilaviy hunarni davom ettirayotgan beshinchi avlod vakili. U kishi 50 yildan buyon temirchilik bilan shug‘ullanadi. Hozirda uch nafar o‘g‘li bilan yasayotgan xo‘jalik mollari ichki bozorda xaridorgir.

Usta bog‘bon Xolto‘ra Tojiboev esa uzumchilikda ko‘p yillik tajribaga ega. Oila o‘z tokzorlaridagi uzum navlarini har 20 yilda almashtirib, yangilab turadi. Shundanmi, har mavsumda hosil mo‘l bo‘ladi.

Bu hali hammasi emas. Viloyat hududlari bo‘ylab izlanish olib borilsa, nomoddiy madaniy meros yo‘nalishiga oid olis manzillar, xalq orasidagi udumlar bilan bog‘liq ko‘plab an’analarga duch kelinadi.

O‘tgan yilning yozida Madaniyat­shunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti ishchi guruhi tomonidan viloyatning ­Angren, Olmaliq shaharlari, Zangiota, Parkent, Oqqo‘rg‘on, Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlarida nomoddiy madaniy merosni ilmiy o‘rganish bo‘yicha mahalliy ekspeditsiya tashkil etildi. O‘rganishlarda 20 ga yaqin nomoddiy madaniy meros­ni o‘zida saqlab, targ‘ib etib kelayotgan hamyurtlarimizning faoliya­ti mahalliy va markaziy OAVlar hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz tomonidan madaniyat va san’at sohasiga berilayotgan e’tibor har bir ijodkorga o‘z kasbining yetuk mutaxassisi, tashabbuskori bo‘lishi uchun ko‘tarinki ruh, ilhom beradi. Zero, madaniyat va san’at azaldan boshqa sohalar rivojiga xizmat qilish bilan birga mamlakatni dunyo­ga tanituvchi qudratga ham ega.

Ahror Mirzayev,

Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i

Toshkent viloyat madaniyat boshqarmasi

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

  • O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent viloyati, Nurafshon shahar, 111500, Toshkent yo‘li ko‘chasi, 90-uy
  • +998 99 327 94 84
  • toshkent.vil@madaniyat.uz
  • Ish vaqti:
    Dush. - Jum. 09:00 - 18:00
Topilgan xatoni izohlash