Boshqarma nizomi

Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

 

1. Mazkur Nizom Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda — boshqarma)ning maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalarini, huquqlari va javobgarligini, faoliyatini tashkil etish hamda hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlari funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.

2. Boshqarma madaniy faoliyat, millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari, kinematografiya sohasidagi davlat siyosatini hududda amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan, shuningdek, akademik badiiy ta’limning izchilligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarni hal etishga vakolatli organ hisoblanadi.

3. Boshqarma O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi o‘rinlarda — vazirlik)ga bo‘ysunadi.

4. Boshqarma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hay’ati majlisi qarorlariga, buyruqlari va topshiriqlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.

5. Boshqarma o‘z faoliyatini davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

6. Boshqarmaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari tizimdagi tashkilot vamuassasalar hamda ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, xodimlar tomonidan bajarilishi majburiydir.

7. Boshqarma, tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari, tizimdagi idoraviy mansub tashkilotlar yuridik shaxslar hisoblanadilar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, xorijiy valyutadagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladilar.

8. Boshqarmaning rasmiy nomi:

a) davlat tilida:

to‘liq nomi — Toshkent viloyati

viloyat Madaniyat boshqarmasi;

qisqartirilgan nomi — Madaniyat boshqarmasi;

b) rus tilida:

to‘liq nomi — Управление культуры Ташкентской области,

qisqartirilgan nomi — Управление культуры;

v) ingliz tilida:

to‘liq nomi — Culture department of Tashkent region;

qisqartirilgan nomi — Department of Culture.

9. Boshqarma joylashgan joy (pochta manzili): 111500, Toshkent vil., Nurafshon sh. Toshkent yo'li ko'chasi, 90 uy.

 

2-bob. Boshqаrmа tuzilmasi

10.Boshqarma tuzilmasiga quyidagilar kiradi:

boshqarma apparati;

tuman va shahar madaniyat bo‘limlari, davlat teatrlari, ko‘zi ojizlar kutubxonasi va uning filiallari, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Toshkent viloyati bo‘linmasi, madaniyat markazlari, namunali maqom ansambli, Toshkent ixtisoslashtirilgan san’at hamda bolalar musiqa va san’at maktablari, milliy madaniy markazlar viloyat bo‘limi.

 

3-bob. Boshqarma va uning hududiy bo‘linmalarining vazifalari va funksiyalari

1-§. Boshqarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari

11. Quyidagilar Boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini ta’minlashda ishtirok etish;

Boshqarma, shahar, tumanlar hokimlari, prokuratura hududiy organlari, ichki ishlar va davlat soliq xizmati rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar (keying o‘rinlarda – kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar) bilan hamkorlik qilish;

 Madaniyat faoliyati sohasida qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish va nazorat qilish;

tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtirish va axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha milliy va hududiy dasturlar bajarilishini, rivojlantirish dasturlarining amaldagi ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish;

hududda vazirliklar, idoralarning hududiy bo‘linmalari hamda boshqa tashkilotlarning madaniyat sohasidagi ishini muvofiqlashtirish;

hududdagi madaniyat faxriylari va boshqa mutaxassislarni davlat boshqaruvining boshqa hududiy organlari bilan birgalikda ijtimoiy muhofaza qilish masalalarini hal etish;

hududda madaniyat rivojlantirish istiqbollarini belgilash;

mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda madaniyat sohasini ommalashtirish ishlarini tashkil qilish;

jahon ilmiy-texnik taraqqiyoti yutuqlari, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi umumlashtirilishini hamda bu yutuqlarning hududda joriy qilinishini ta’minlash;

hududda konferensiyalar, ko‘rgazmalar va tadbirlar o‘tkazish;

madaniyat sohasiga tegishli nodavlat-notijorat tashkilotlari faoliyati rivojlanishiga yordam berish;

kadrlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik, yuksak ma’naviyat va professionalizm ruhida tayyorlash bo‘yicha ishlarni tashkil etish, hududda aholining o‘z jismoniy, umumta’lim va madaniy darajasini oshirishga bo‘lgan intilishlarini rag‘batlantirish ishlarini olib borish;

xalqaro aloqalarni amalga oshirish va rivojlantirish, hamkorlik bo‘yicha xalqaro loyihalarni ishlab chiqishda ishtirok etish, sohaga xorijiy investitsiyalar hamda grantlarni jalb qilishda qatnashish;

tegishli hududda madaniyatni rivojlantirish to‘g‘risidagi axborotni to‘plash va tahlil qilishni amalga oshirish va uni vazirlikka, mahalliy davlat hokimyati organlariga taqdim etish;

madaniyat sohasi subyektlariga ularning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarda metodik va maslahat yordamini ko‘rsatish;

madaniyat sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha belgilangan tadbirlarda hamda hududning ta’lim muassasalarini yuqori malakali kadrlar va boshqa mutaxassislar bilan ta’minlashda ishtirok etish;

hududda madaniyat sohasidagi dasturlarni tashkil qilish, ommaviy adabiyotlarni chop etishga hamda ushbu mavjud video va kino materiallar ishlab chiqilishiga yordam ko‘rsatish va ishtirok etish;

xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, moliyaviy institutlarning grantlari, kreditlari va homiylik xayriyalarini jalb etish choralarini ko‘rish;

tuman (shahar) madaniyat bo‘limlarida, davlat madaniyat tashkilotlarida ichki auditni tashkil etish hamda amalga oshirish;

hududlarda davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar qabul qilish;

davlat madaniyat tashkilotlarida zamonaviy xavfsizlikni ta’minlash vositalari va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish;

davlat madaniyat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va ular infratuzilmasini rivojlantirish masalalari borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari reytingini tuzishda ko‘maklashish;

davlat madaniyat tashkilotlari xodimlari kasbiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan turli xil ishlarga jalb qilinishiga qat’iyan yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash.

12. Boshqarmaga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

Boshqarma va uning rahbariyati faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlaydi;

tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari va farmoyishlari, vazirlikning buyruqlari bajarilishi ustidan muntazam nazorat qilinishini ta’minlaydi;

tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari tomonidan kiritiladigan hujjatlarning sifatli va o‘z vaqtida qayta ishlanishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy, huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etadi;

tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari faoliyatiga rahbarlik qladi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;

mahalliy miqyosdagi budjetdan moliyalashtiriladigan idoraviy mansub tashkilotlar xarajatlarini moliyalashtirishni, buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etadi;

idoraviy mansub tashkilotlarni moddiy-texnik jihatdan ta’minlashni tashkil etadi;

idoraviy mansub tashkilotlarning binolari va inshootlarini joriy ta’mirlash ishlari monitoringini olib boradi va muvofiqlashtiradi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etadi;

vakolatiga tegishli tashkiliy, kadrlar, moliya, ishlab chiqarish-xo‘jalik masalalari va boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

 

2-§. Shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlarining vazifalari va funksiyalari

13. Quyidagilar shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:

Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishini ta’minlashda ishtirok etish;

kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan davlat madaniyat tashkilotlari faoliyatini tashkil etish sohasida o‘zaro hamkorlik qilish;

davlat madaniyat tashkilotlarida madaniy faoliyat sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi monitoringini olib borish va nazorat qilish;

davlat madaniyat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish.

14. Shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari ularga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari va ulaming rahbariyatini tashkiliy va axborot-tahlil jihatidan ta’minlaydi;

idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari, farmoyishlari, vazirlik va boshqarmaning buyruqlari bajarilishini ta’minlaydi;

shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari tomonidan shahar, tumanlar hokimliklariga kiritiladigan hujjatlarning sifatli va o‘z vaqtida qayta ishlanishini, ulaming iqtisodiy, moliyaviy, huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etadi;

shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari, madaniyat markazlari faoliyatiga rahbarlik qiladi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;

shahar, tumanlar darajasidagi budjetdan moliyalashtiriladigan madaniyat markazlari xarajatlarini moliyalashtirishni, ularda buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini tashkil etadi;

madaniyat markazlarida davlat talablari bajarilishi monitoringini olib boradi;

madaniyat markazlarini moddiy-texnik ta’minlashni tashkil etadi;

madaniyat markazlarining binolari va inshootlaridan foydalanish ishlari monitoringini olib boradi va muvofiqlashtiradi;

jismoniy va yuridik shaxslaming murojaatlari bilan ishlashni tashkil etadi;

shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari vakolatiga tegishli bo‘lgan tashkiliy, kadrlar, moliya, ishlab chiqarish-xo‘jalik masalalari va boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

 

4-bob. Boshqarma va uning hududiy madaniyat bo‘limlarining huquqlari hamda javobgarligi

1-§. Viloyat madaniyat boshqarmasining huquqlari va javobgarligi

15. Boshqarma o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun:

ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlaridan o‘z vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;

madaniyat sohasining eng muhim muammolarini ishlab chiqish va ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy darajada idoralararo komissiyalar va kengashlar tuzish;

davlat dasturlari va investitsiya dasturlari bajarilishi bo‘yicha shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari faoliyatini o‘rganish;

shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari faoliyatini nazorat qilish, muvofiqlashtirish va ularga rahbarlik qilish;

vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalarining ko‘rib chiqishi uchun takliflar kiritish huquqiga ega.

boshqarma qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

16. Boshqarmasi:

Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalar sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;

Vazirlikning hududiy organlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash;

Vazirlikka kiritilayotgan hujjatlar loyihalari va takliflar, shuningdek, Vazirlikning hududiy organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning amalga oshirilishi sifati, pirovard natijalari va oqibatlari;

shahar va tumanlarda aniqlangan muammolarni har tomonlama va chuqur tahlil qilish hamda umumlashtirish asosida madaniyat sohasini rivojlantirishga doir takliflarni tayyorlash;

madaniyat sohasini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, «yo‘l xaritalari» va boshqa dasturiy hujjatlarning viloyatda samarali amalga oshirilishi, muammoli masalalar hal etilishi yuzasidan javob beradi.

 

2-§. Shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlarining huquqlari va javobgarligi

17. Shahar va tumanlar madaniyat bo‘limlari ularga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun:

ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari shahar, tumanlar  bo‘linmalaridan, madaniyat boshqarmasidan o‘z vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;

davlat dasturlarini va investitsiya dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha madaniyat markazlari faoliyatini o‘rganish;

madaniyat markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga rahbarlik qilish;

o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqish uchun boshqarma hamda ijro etuvchi hokimiyat organlariga kiritish huquqiga ega.

shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

18. Shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari:

shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlariga yuklangan vazifalar va funksiyalar sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;

boshqarmaga kiritiladigan hujjatlar loyihalari va takliflar, shuningdek, shahar, tumanlar  madaniyat bo‘limlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va oqibatlari;

madaniyat sohasida dolzarb muammolarni, shuningdek, shahar, tumanlarni  rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklarni aniqlash;

madaniyat masalalariga doir takliflarni tayyorlash va madaniyat masalalari yuzasidan shahar va  tumanlarni rivojlantirish dasturiga kiritish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;

shahar,  tumanlarda madaniyat sohasini rivojlantirish, muammoli masalalarni hal qilish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, «yo‘l xaritalari» va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali amalga oshirilishi yuzasidan javob beradi.

 

5-bob. Boshqarma boshlig‘i hamda shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari mudirlarining asosiy funksional vazifalari

19. Quyidagilar boshqarma boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish;

boshqarma faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari hamda vazirlik buyruqlari bilan ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;

soha tizimidagi tashkilot va muassasalar faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlarga erishishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoniga, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning kotibiyatlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;

vazirlik hay’ati qarorlari, vazir va uning o‘rinbosarlari buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

madaniyat sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan hamkorlik qilish;

o‘zining o‘rinbosari vakolatlarini belgilash, vazifalarni taqsimlash, shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlarning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, vazirlik hududiy madaniyat organlari faoliyatining alohida uchastkalariga rahbarlik qilish uchun o‘z o‘rinbosari va boshqa mansabdor shaxslaming shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;

boshqarma faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, soha tizimidagi tashkilot va muassasalarning va o‘z o‘rinbosarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash;

soha tizimidagi tashkilot va muassasalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;

vazir nomenklaturasiga kiradigan bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, soha tizimidagi tashkilot va muassasalarning rahbar xodimlari va ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professional, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash;

boshqarma hamda soha tizimidagi tashkilot va muassasalar xodimlarini, o‘z o‘rinbosarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni kо‘rib chiqish, ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha muntazam chora-tadbirlar ko‘rish;

boshqarma hamda soha tizimidagi tashkilot va muassasalar rahbar xodimlari tomonidan vazirlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlash;

huquqni qo‘llash amaliyotini va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali boshqarma tizimida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq korupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularni sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;

prognoz ko‘rsatkichlarning bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda boshqarma tomonidan ushbu ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishilishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha takliflarni vazirning mutasaddilik qiladigan o‘rinbosarlariga kiritish;

boshqarma xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;

boshqarma faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek, madaniyat sohasida davlat xizmatlari samaradorligi, sifati va ulardan erkin foydalanishni oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda ularni ko‘rib chiqish uchun vazirlik rahbariyatiga kiritish;

soha tizimidagi tashkilot va muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan muddatlarda va tartibda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqish;

boshqarma xodimlari lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar to‘lash, ularga moddiy yordam berish, ularni mukofotlash, rag‘batlantirish va ularga intizomiy chora qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilish, ularni davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflarni vazirlikka kiritish;

davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlash.

20. Quyidagilar shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari mudirlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish;

shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlariga rahbarlik qilish;

faoliyatning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha xodimlar o‘rtasida funksional vazifalarni taqsimlash va ulaming javobgarligi darajasini belgilash;

madaniyat markazlari faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish hamda madaniyat markazlariga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoniga, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning kotibiyatlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;

vazirlik hay’ati qarorlari, vazir va uning o‘rinbosarlari, hududiy madaniyat organi rahbarlarining buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

madaniyat sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan mahalliy davlat hokimdyati organlari va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan hamkorlik qilish;

shahar va tuman bo‘limlarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda boshqarma boshlig‘i hamda boshliq o‘rinbosariga takliflar kiritish, ularning professional, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish, madaniyat bo‘limlarining kadrlar zaxirasini shakllantirish;

xodimlarning odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini ta’minlash;

huquqni qo‘llash amaliyotini va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali madaniyat bo‘limlarida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ularni sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;

madaniyat bo‘limlari xodimlari lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar to‘lash, ularga moddiy yordam berish, ularni mukofotlash, rag‘batlantirish va ularga intizomiy chora qo‘llash, ularni davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash to‘g‘risida takliflar kiritish;

davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlash.

 

6-bob. Boshqarma boshlig‘i hamda shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari mudirlarining javobgarligi

21. Boshqarma boshlig‘i:

boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan javobgarlik bo‘yicha;

ushbu Nizomning 19-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

22. Shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlari mudirlari:

madaniyat bo‘limlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

ushbu Nizomning 18-bandida nazarda tutilgan shahar, tumanlar madaniyat bo‘limlarining javobgarlik sohalari bo‘yicha;

ushbu Nizomning 20-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

 

7-bob. Boshqarma faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari

23. Boshqarma faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam baholanishi lozim.

24. Boshqarma faoliyati samaradorligi va natijadorligiga berilgan baholar vazir tomonidan tasdiqlanadigan boshqarma faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.

25. Boshqarma faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha:

boshqarma boshlig‘i va xodimlarni rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;

boshqarma faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi.

Boshqarma faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va usuli qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.

 

8-bob. Boshqarmani moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish

26. Boshqarma faoliyatini ta’minlash va moliyalashtirish (shu jumladan, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish) mahalliy budjeti, vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari, shu jumladan, vaqtincha bo‘sh turgan budjetdan tashqari mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan, xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar boshqarma apparati, madaniyat bo‘limlari va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini moliyalashtirish, moddiy-texnik ta’minlash va xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish (ish haqi, mukofot pullari, ustamalar va boshqa pul mukofotlari to‘lash) manbalari hisoblanadi.

27. Boshqarma xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar, moddiy yordam, ustama va rag‘batlantirish to‘lovlaridan va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan iborat.

Boshqarma xodimlari lavozim maoshlariga har oyda qo‘shiladigan rag‘batlantirish xususiyatiga ega bo‘lgan qo‘shimcha haqlar va ustamalar boshqarma boshlig‘i tomonidan belgilanadi.

 

9-bob. Boshqarma boshlig‘ining O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziriga hisobot berishi

28. Boshqarma boshlig‘i boshqarmaning faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziriga muntazam ravishda hisobot beradi.

29. Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bo‘lim boshliqlari va xodimlar tomonidan ularning vazifalari samarali bajarilishi uchun faoliyati ustidan muntazam ravishda monitoring olib boradi va samaradorligiga xolisona baho beradi.

30. Monitoring va baholash yakunlari bo‘yicha boshqarmaning alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlari rag‘batlantiriladi yoxud yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan javobgarlikka tortiladi.

 

10-bob. Yakunlovchi qoida

31. Boshqarmani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Toshkent viloyat madaniyat boshqarmasi

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

  • O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent viloyati, Nurafshon shahar, 111500, Toshkent yo‘li ko‘chasi, 90-uy
  • +998 99 327 94 84
  • toshkent.vil@madaniyat.uz
  • Ish vaqti:
    Dush. - Jum. 09:00 - 18:00
Topilgan xatoni izohlash